Toshkentdagi Zamonaviy San’at Markazining ochilishi doirasida Safo.Method ijodiy hamjamiyati tomonidan yaratilgan SHASHMAQOM. THE METHOD loyihasi namoyish etildi. Loyiha Probuild Generation kompaniyasining homiylik ko‘magida amalga oshirildi.
Loyiha Shashmaqom an’anasini zamonaviy musiqa va sahna san’ati shakllari bilan birlashtirib, Markaziy Osiyoning madaniy merosini yangicha idrok etish imkonini berdi.
Shashmaqom vokal va cholg‘u ijrochiligini birlashtirgan mumtoz musiqa an’anasidir. 2008-yilda u O‘zbekistonning madaniy merosiga oid transmilliy unsur sifatida UNESCOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosining Reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan.
SHASHMAQOM. THE METHOD ushbu musiqiy an’anaga zamonaviy talqinni taklif etadi. Loyiha ijodiy direktori Anvar Safo tanbur kabi an’anaviy cholg‘ularni hang, glyukofon va sintezlangan tovushlarning zamonaviy sadolari bilan uyg‘unlashtirgan.
Musiqiy dastur arxiv materiallari, vizual unsurlar va boshqa sensor tajribalar bilan boyitilib, yagona sahnaviy makon yaratadi.
Loyiha o‘zbek ma’rifatparvari va jadid Abdurauf Fitratning o‘zbek mumtoz musiqasi tarixi va nazariyasiga oid qarashlariga ham murojaat qiladi.

«Biz mamlakat taraqqiyotini faqat infratuzilma va iqtisodiy o‘sish nuqtai nazaridangina baholamaymiz. Barqaror rivojlanish san’at, ta’lim va madaniy meros bilan zamonaviylik o‘rtasidagi aloqalarni saqlab qolishni talab etadi».
SEVARA URUNOVA, MARKETING VA PR XIZMATI RAHBARI





